«Narxoz»da forma butunlay bekor qilinib, 5 kunlik ta’lim tizimiga o‘tilgani aytilmoqda


Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dushanba, 25 noyabrdan boshlab besh kunlik ta’lim tizimiga o‘tadi. Bu haqda universitetdagi manba “Xalq so‘zi“ga ma’lum qildi.

Xalq tilida “Narxoz“ deya nom chiqargan universitetda endilikda talabalar dushanba-juma kunlari o‘qishga boradi. Shanba va yakshanba kunlari dam olishi kuni bo‘ladi.

Bundan tashqari, universitetda mavjud bo‘lgan qat’iy forma ham bekor qilingan.

Endilikda universitet talabasi istalgan kiyimda o‘qishga kelishi va darslarda ishtirok etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, noyabr boshida iqtisodiyot universitetida «katta tozalash» ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. Universitetning avvalgi rektori Bahodir Hodiyev ishdan olinib, uning o‘rniga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Kongratboy Sharipov tayinlangandi.​