Muddatli harbiy xizmatdagi harbiylarga OTMga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi e'lon qilindi


Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Muhokama uchun e'lon qilingan hujjat loyihasiga ko‘ra, tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga harbiy qism komandiri tomonidan beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlar qo‘mondonligi tomonidan oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan:

fuqarolar respublikaning oliy harbiy ta'lim muassasalaridagi tegishli ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar;

abituriyentlarni respublikaning oliy ta'lim muassasalari (oliy harbiy ta'lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta'lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi va ular ushbu ko‘rsatkichlar doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

Guruh (bo‘linma) komandirlari tomonidan o‘quv yili dasturi asosida muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari natijalari bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari yuritiladi.

Muddatli harbiy xizmatchilarning har oy jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari bo‘yicha o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarining reyting ko‘rsatkichlari asosida hisoblash orqali amalga oshiriladi.

O‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichi ularning o‘quv fanlari bo‘yicha yuritiladigan jurnallarda aks ettirilib boriladi va ushbu asosda butun o‘quv yili davomida hisoblab boriladi.

Jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik jurnallarida muddatli harbiy xizmatchiga o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholar ularning o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblab chiqarish uchun asos bo‘ladi. Bunda, barcha o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholar yig‘indisi o‘tilgan o‘quv fanlarining soniga bo‘linadi. Masalan, agar muddatli harbiy xizmatchi oy davomida otish tayyorgarligi mashg‘ulotlarida 4 baho, taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlarida 5 baho, ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida 4 baho olgan bo‘lsa, o‘rtacha ko‘rsatkich quyidagicha hisoblanadi: 4+5+4=13 : 3 = 4,3.

O‘quv yili yakunida test sinovlari o‘tkazilishidan oldin harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatiga kiritilgan muddatli harbiy xizmatchilarning 40 foiziga qo‘shimcha ball beriladi. Bunda, o‘quv fanlaridan qo‘yilgan yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkich 4,0 dan 5 gacha bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarga quyidagi tartibda qo‘shimcha ball beriladi:

4,0 dan 4,3 gacha – 10 ball;

4,4 dan 4,7 gacha – 15 ball;

4,8 dan 5,0 gacha – 20 ball.

Agar bir nechta muddatli harbiy xizmatchilarning yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichlari teng bo‘lib qolishi natijasida 40 foizli cheklovga amal qilishning imkoni bo‘lmasa, ushbu harbiy xizmatchilarning barchasiga ballar beriladi. Umumiy bahosi 4,0 dan kam bo‘lgan harbiy xizmatchiga ballar hisoblanmaydi.

Har oyda muddatli harbiy xizmatchilarning o‘quv fanlaridan egallagan ko‘rsatkichlari umumlashtirilib, pasayib borish tartibida tuziladigan Reyting natijalarining oylik vedomosti rasmiylashtiriladi hamda vzvod (bo‘linma) komandirlarining o‘rinbosarlari bilan kelishilgan holda har oyning to‘rtinchi payshanba kuni batalon (batalonga tenglashtirilgan bo‘linma) komandiriga taqdim etiladi. Reyting natijalarining oylik vedomosti muddatli harbiy xizmatchilar xizmat muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin besh yil davomida saqlanadi.

Batalon komandiri vzvod (bo‘linma) komandirlari tomonidan taqdim qilingan muddatli harbiy xizmatchilarning reytingi haqidagi ma'lumotlarni umumlashtirishni tashkillashtirib, Oylik reyting vedomostini rasmiylashtiradi va batalon komandirining o‘rinbosarlari bilan kelishgan holda har oyning to‘rtinchi juma kuni harbiy qism komandiriga taqdim etadi. Oylik reyting vedomosti muddatli harbiy xizmatchilar xizmat muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin besh yil davomida saqlanadi.

Harbiy qism komandiri butun o‘quv yili davomida muddatli harbiy xizmatchilarning reyting natijalarining oylik monitoringini olib borishni tashkil etadi.

Jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik jurnallari muddatli harbiy xizmatchilarning baholari hisoblab boriladigan asosiy hujjat hisoblanadi. Mazkur jurnallarga o‘zgartirish kiritish va ularni yaroqsiz holatga keltirish taqiqlanadi.

Ushbu jurnallarning to‘g‘ri yuritilishi va baholarning haqqoniyligini tekshirib borish yuzasidan har oyda bir marotaba vzvod (bo‘linma), batalon komandiri va uning o‘rinbosarlari tomonidan tekshirilib boriladi hamda tekshiruv natijalari imzo ostida jurnallarga qayd etib borilishi lozim.