Inha Universitetiga kirish imtihonlari uch marta o‘tkaziladi


Toshkent shahridagi Inha Universitetida ikki katta tadbir bo‘lib o‘tdi. Bo‘lg‘usi abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun "Ochiq eshiklar kuni" hamda "2019-2020 o‘quv yilida o‘qishga kirishning yangi shartlari" mavzuidagi press-brifing bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda Kun.uz.

Universitet matbuot xizmatidan xabar berilishicha, press-brifing doirasida IUT rahbariyati bu yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar, joriy vaziyat va kelgusi rejalar, jumladan 2019-2020 yillarga rejalashtirilgan o‘zgarishlar: hujjatlarni qabul qilish, shartnoma va grant asosidagi kirish imtihonlarining yangi shartlari, xorijiy talabalar uchun imtiyozlar, yangi grantlar va yo‘nalishlar haqida batafsil so‘z yuritildi.

Inha Universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov, o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor, doktor Cho Vu Sug va bosh menejyer Hilola Umarova kirish imtihonlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida batafsil ma'lumot berishdi.

Bu yil Toshkent shahridagi Inha Universitetiga kirish imtihonlari uch marta o‘tkaziladi, bu esa IUT talabasi bo‘lish imkonini oshiradi, zero birinchi martada o‘qishga kira olmagan abituriyent yana ikki imkoniyatga ega bo‘ladi.

Birinchi kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, shartnoma umumiy summasining muayyan miqdorini to‘lagan abituriyentlar imtihonlarning ikkinchi kuni grant asosida o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Registratsiya va kirish imtihonlari davrida qandaydir sabablarga ko‘ra IELTS yoki TOEFL sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar imtihonga kiritiladi, faqat universitet saytida ko‘rsatilgan muddatning tugaguncha mazkur hujjatlarni topshirish sharti bilan.

Shuningdek xorijiy talabalar uchun imtiyozlarga katta e'tibor qaratildi. 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab boshqa mamlakatlardan kelgan talabalar uchun kirish imtihonlari faqat suhbat shaklida bo‘ladi, shartnoma summasi esa kamaytiriladi.