Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash tizimi isloh qilinadi


2017 yil 16 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3216-son qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi PF-5005-sonli «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquklari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi o‘rinlarda - Ichki ishlar vazirligi) va uning ta’lim muassasalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:

birinchidan - xodimlarni, shu jumladan ularni xizmat faoliyatidan ajratmagan holda o‘qitish va maxsus kasbiy tayyorlash, majburiy qayta tayyorlash va doimiy malakasini oshirib borishning ichki ishlar organlari kadrlar salohiyatini oshirishga imkon beradigan sifat jihatdan yangi tizimini tashkil etish;

ikkinchidan - yoshlarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan dastlabki kasbiy bilim, yuksak vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan idoraviy oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash bo‘yicha samarali tartibni joriy etish;

uchinchidan - asosiy kismi sohaviy fanlarni o‘qitishdan tarkib topgan, shuningdek hududiy ichki ishlar organlariga bevosita chiqishni va tergov-tezkor tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etishni nazarda tutgan amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishni o‘z ichiga olgan yangilangan ta’lim standartlar va o‘quv dasturlarni ishlab chiqish va kiritish;

to‘rtinchidan - ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar tarkibini malakali ilmiy-pedagogik, birinchi navbatda sohaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan kadrlar bilan jamlash, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish;

beshinchidan - o‘qitishning zamonaviy shakl va usullarini, eng yangi pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni, shu jumladan situatsion mashg‘ulotlarni, masofadan o‘qitish tizimini keng joriy etish, ta’lim oluvchilar va o‘qituvchilarni global axborot-huquqiy va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;

oltinchidan - idoraviy ta’lim muassasalarida o‘qitish yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini amaliyot ehtiyojini hamda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirish istiqbollarini inobatga olgan holda tizimli ravishda maqbullashtirish;

yettinchidan - ichki ishlar organlari faoliyatida, birinchi navbatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolar bo‘yicha fundamental va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy tadkiqotlar o‘tkazilishi samaradorligini oshirish;

sakkizinchidan - yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar tarkibini, xorijiy tillarni o‘qitishni nazarda tutgan holda, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

2. Belgilansinki:

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (keyingi o‘rinlarda - Akademiya) ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Akademiya kunduzgi ta’lim shakliga qabul maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshiriladi;

Akademiyada kadrlar tayyorlashning bir pog‘onali tizimi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklining muddati uch yilni tashkil etib, o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lanadi va moddiy ta’minoti belgilanadi;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun sirtqi ta’lim shakli joriy etilib, unda o‘qitish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yilni tashkil etadi;

Akademiyada kadrlar tayyorlashning bir pogonali tizimi dasturi bo‘yicha olinadigan oliy ma’lumot magistr darajasiga tenglashtiriladi;

Akademiya kunduzgi ta’li shakliga har yilgi qabul kvotasi 600 kishini, sirtqi ta’lim shakliga esa 200 nafar ichki ishlar organlari xodimlarini tashkil etadi;

Akademiya professor-o‘qituvchilari tarkibi lavozimlariga tegishli sohada kamida o‘n yillik ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar shahodatlangan lavozimlar hisobidan tayinlanishi mumkin.

3. Akademiya Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha oliy kurslari negizida - kasbiy tayyorgarlik fakulteti tashkil etilsin, uning asosiy faoliyat yo‘nalashlari etib, ichki ishlar organlarining serjant va ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, shuningdek ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish etib belgilansin.

Belgilansinki:

ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash uchun fuqarolik oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan shaxslarni maxsus kasbiy tayyorlash Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakultetida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan olti oylik dastur bo‘yicha amalga oshiriladi, uning yakunida «leytenant» maxsus unvoni va tegishli namunadagi diplom beriladi;

ichki ishlar organlari serjantlar tarkibi lavozimlariga tayinlash uchun o‘rta maxsus, kasbiy yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni maxsus kasbiy tayyorlash Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakultetida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan besh oylik dastur bo‘yicha amalga oshiriladi, uning yakunida «kichik serjant» maxsus unvoni hamda tegishli namunadagi diplom beriladi;

Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan 600 kishigacha kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshirilib, o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lanadi va moddiy ta’minoti belgilanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasidagi ta’lim mutaxassisliklari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasidagi ta’lim mutaxassisliklari ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda idoraviy oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish kvotalarini ko‘paytirish huquqi berilsin.

5. Akademiya tuzilmasida quyidagilar tashkil etilsin:

a) Pedagog kadrlarni tayyorlash kursi, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

tizimli ravishda yosh o‘qituvchilarni tayyorlash va o‘qituvchilik lavozimiga tayinlangan ichki ishlar organlari amaliyot xodimlarini qayta tayyorlash bo‘yicha, shu jumladan respublika pedagogik oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar tarkibini jalb etgan holda o‘quv kurslarini tashkil etish;

respublika oliy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda tashkil etiladigan kurslarda pedagog kadrlarning malakasi oshirishni, ularning hududiy ichki ishlar organlarida o‘qitish sohasi yo‘nalishi bo‘yicha stajirovka o‘tashlarini ta’minlash;

professor-o‘qituvchilar tarkibidan yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun nomzodlarni tanlab olish;

b) Chet tillar markazi, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

professor-o‘qituvchilar tarkibi, tadqiqotchilar va kursantlar tomonidan chet tillarini o‘rganishi uchun shartnoma asosida mazkur sohadagi yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda qo‘shimcha o‘quv kurslarini tashkil etish;

professor-o‘qituvchilar tarkibi, tadqiqotchilar va kursantlarni xorijiy ilmiy-ma’rifiy tadbirlar va seminar-treninglarda ishtirok etishga, tajriba almashishga, xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish va stajirovka o‘tashga tayyorlash;

ta’lim jarayonida chet tillarni qo‘llash asoslari bo‘yicha dasturiy o‘qitishni tashkil etish orqali o‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini oshirishda ko‘maklashish;

v) Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyati bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ularni takomillashtirish yuzasidan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish va joriy etish;

ichki ishlar organlariga o‘ta murakkab, viloyatlararo xususiyatga ega, respublikada shov-shuvga sabab bo‘lgan, shu jumladan uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ko‘maklashish;

tizimli ravishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha metodik va amaliy qo‘llanmalar, tavsiyalar ishlab chiqish, ulardan ichki ishlar organlari faoliyatida foydalanishini ta’minlash.

6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2-ilovada keltirilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga (keyingi o‘rinlarda - idoraviy akademik litseylar) aylantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin va quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan yuksak vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk yoshlarni tarbiyalash;

o‘quvchilarni Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlash.

Quyidagi tartib o‘rnatilsin:

idoraviy akademik litseylarining o‘quv-metodik jarayonni muvofiqlashtirish, ularga amaliy jihatdan va axborot-resurslari orqali ko‘maklashish - Akademiya tomonidan, ularning faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, tashkiliy-kadrlar va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorligini ta’minlash esa - Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi;

idoraviy akademik litseylar direktorlarining lavozimlari Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakulteti boshlig‘iga tenglashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan xodimlar bilan jamlanadi;

idoraviy akademik litseylarning ma’muriy-xo‘jalik xodimlari va o‘qituvchilar tarkibiga akademik litseylarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlari tadbiq etiladi;

idoraviy akademik litseylarni zarur o‘quv va sport uskunalari, kompyuter texnikasi va axborot-resurs fondlari bilan jihozlash xarajatlari ta’limga ajratiladigan byudjet mablag‘lari, shuningdek Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

idoraviy akademik litseylarga qabul O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadigan kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Akademiya kunduzgi ta’lim shakliga qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlari tarkibidan amalga oshiriladi;

Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutiga va Harbiy-texnika institutiga o‘qishga kirishda idoraviy akademik litseylarning bitiruvchilari uchun ularning test sinovlari davomida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar tarzida imtiyozli shartlar nazarda tutiladi;

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Yong‘in xavfsizligi instituti yoki Harbiy-texnika institutiga o‘qishga kira olmagan idoraviy akademik litseylarning bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan tartibda ustunlik asosida ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.

7. Ichki ishlar vazirligining:

ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarining (keyingi o‘rinlarda - o‘quv markazlari) o‘qituvchilar tarkibi - Akademiya kasbiy tayyorgarlik fakulteti o‘qituvchilar tarkibiga, ularning ma’muriy, xo‘jalik va boshqa bo‘linmalari xodimlari esa viloyatlar ichki ishlar boshqarmalaridagi shunga o‘xshash bo‘linmalar xodimlariga tenglashtirish;

ichki ishlar organlari safdorlar tarkibi xodimlarining boshlang‘ich tayyorlashni, qayta tayyorlashni va malakasini oshirishni o‘quv markazlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilash;

o‘quv markazlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va unga metodik rahbarlik qilish Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirilishi haqidagi takliflari ma’qullansin.

8. Belgilansinki, Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalari kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga kirgan shaxslar - kursantlar qatoriga, sirtqi ta’lim shakliga, kasbiy tayyorgarlik fakultetiga, rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslar)ga o‘qishga kirgan, shuningdek o‘quv markazlariga yuborilgan shaxslar esa - tinglovchilar qatoriga qabul qilinadi.

9-11. Maxfiy.

12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi idoraviy akademik litseyi, shuningdek ushbu ta’lim muassasasiga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar;

mutaxasislik fanlari ko‘paytirilishini nazarda tutgan holda Akademiyada o‘qitiladigan fanlar uchun yangilangan o‘quv yuklamasining hajmi tasdiqlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi muammolarni tadqiq etish uchun 2018 yil 1 yanvardan boshlab Akademiyada Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash ochilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2017 yil 1 sentyabrgacha 2-ilovaga muvofiq akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini bino va inshootlari, moddiy-texnik vositalari, o‘quv uskunalari va boshqa mulklari bilan birga, ularning ma’muriy-xo‘jalik xodimlari va o‘qituvchilar tarkibini saqlab qolgan holda, operativ boshqarish huquqi bilan bepul topshirsin, Ichki ishlar vazirligi esa ularni qabul qilib olsin;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda idoraviy akademik litseylarga aylanayotgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bo‘shatilayotgan pedagog kadrlarining mutaxassisligiga muvofiq ishga joylashtirilishini ta’minlasin.

15. Ichki ishlar vazirligi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Akademiya professor-o‘qituvchilar tarkibini malaka oshirish va stajirovka o‘tashi uchun, birinchi navbatda iqtidorli ilmiy-pedagogik kadrlar qatoridan, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga yuborishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini ta’minlasin, bunda nomzodlarga chet tillarni o‘rgatish nazarda tutilsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:

bir oy muddatda o‘rta-maxsus, kasbiy ta’lim davlat ta’lim standarti asosida idoraviy akademik litseylarning chuqur o‘rgatilishi lozim bo‘lgan mutaxasislik fanlarini nazarda tutgan holda o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab idoraviy akademik litseylarda ta’lim jarayonini samarali tashkil etish ta’minlasin, bunda belgilangan talablar ijrosining ta’sirchan monitoringini amalga oshirish, o‘quv-tarbiya jarayonining yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlash va o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirishda ularga tizimli ravishda zarur metodik va amaliy yordam ko‘rsatsin;

2017 yil 1 noyabrgacha akademik litseylar o‘qituvchilar tarkibi ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini va yangi belgilangan talablarga mos kelishini aniklash maqsadida attestatsiyadan o‘tkazsin va uning natijasiga ko‘ra lavozimlarni yuqori malakali pedagogik kadrlar bilan jamlashni ta’minlasin;

qayta tashkil etilayotgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 3-bosqich o‘quvchilari belgilangan tartibda amaldagi o‘quv dasturlari va ta’lim shart-sharoitlari bo‘yicha, ushbu ta’lim muassasalarining o‘quv binolarida o‘qishni yakunlanishini ta’minlasin, bunda ular yaqin atrofdagi shunga o‘xshash ta’lim yo‘nalishlaridagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ro‘yxatiga kiritilib, ularning rahbariyatiga o‘kuv-tarbiya jarayonini tashkil etish va nazorat qilish yuklatilsin;

idoraviy akademik litseylarga o‘quvchilarda ichki ishlar organlari faoliyati to‘g‘risidagi tasavvurni hosil qilish, o‘quv dasturlarni ishlab chiqish, o‘quv mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etish va o‘tkazish masalalarida, Ichki ishlar vazirligining tajribali amaliyot xodimlari va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar tarkibini jalb etgan holda, har tomonlama ko‘maklashsin;

yangi mutaxassisliklar joriy etilgani va ta’lim muddati qisqarganini inobatga olgan holda, 2017 yil 1 noyabrgacha Akademiyada kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yangilangan davlat ta’lim standartlari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga test sinovlari bekor qilinishi va idoraviy akademik litseylarda nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimi joriy etilishini inobatga olgan holda, Akademiyaga, shu jumladan sirtqi ta’lim shakliga nomzodlarni tanlash tartibi va o‘qishga qabul qilish qoidaparini tasdiqlashni nazarda tutadigan Hukumat qarorining loyihasini kiritsin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ikki oy muddatda moliyalashtirilishining aniq manbalarini belgilagan holda Akademiyada situatsion poligon qurish hamda Modellashtirish va simulyatsiya markazi faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha takliflar kiritsin;

g) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab ichki ishlar organlari xodimlarini masofadan, shu jumladan konferensiya aloqani qo‘llagan holda, o‘qitish tizimini joriy etilishini ta’minlasin.

16. Quyidagi rahbarlarga:

Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining rahbarlari - ichki ishlar organlari xodimlarini sifatli va to‘laqonli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha;

hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari - idoraviy akademik litseylarning samarali faoliyat ko‘rsatish, o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishida ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek o‘qishga nomzodlarning xolisona va sifatli tanlab olish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklatilsin.

17. Belgilab qo‘yilsinki:

Akademiyaga to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladigan o‘qitishning mablaglari, uning byudjetdan tashqari Jamgarmasiga jamlanadi, ularning kamida 70 foizi o‘quv va moddiy-texnik bazani rivojlantirishga, 30 foizdan oshmagan qismi esa ishda yuqori natijalarga erishgan professor-o‘qituvchilar tarkibi va o‘quv-yordamchi xodimlarni pul ta’minotining 100 foizigacha bo‘lgan mikdorda har oylik moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi;

Olmaliq, Samarkand va Toshkent shahrida joylashgan o‘quv markazlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihozlash - Ichki ishlar vazirligining byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, Farg‘ona va Dashtobod shaharlarida esa Ichki ishlar vazirligi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun kelib tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

18. Ichki ishlar vazirligi:

Akademiyada 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab yangi kiritilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitishni ta’minlasin;

bir oylik muddatda ushbu qaror talablariga muvofiq ravishda Akademiya hamda idoraviy akademik litseylarning ustavlarini, o‘quv markazlari to‘g‘risidagi nizomini, shuningdek ularning shtat jadvalini va moddiy-texnik jihozlanish normativlarini tasdiqlasin;

2017 yil 20 sentyabrgacha Akademiyaning kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi tasdiqlansin, bunda masofadan o‘qitish shakllari qo‘llanishi va sayyor o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilsin;

uch oy muddatda idoraviy akademik litseylar o‘quvchilari uchun kiyim namunalari, shuningdek ushbu ta’lim muassasalarining o‘ziga xosligini aks ettiruvchi ramziy belgilarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi ehtiyojni hisobga olgan holda muammolarni ilmiy tadqiq qilishni tashkil etish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rsin, bunda o‘z tadqiqotlarining natijalarini amaliyotga samarali joriy etgan izlanuvchilarning rag‘batlantirilishi nazarda tutilsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga muvofiq akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining Ichki ishlar vazirligiga topshirilishini hisobga olgan holda, xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartishlar kiritsin;

idoraviy akademik litseylarda o‘quv-tarbiya jarayonining yanada yuqori tashkiliy va kasbiy darajada amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, ularning o‘quv va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 2018 yildan boshlab har yili Ichki ishlar vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasidan zarur mablag‘lar ajratilishi nazarda tutilsin.

20. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan byudjet mablag‘lari, Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xorijiy davlatlar davlat kreditlari va xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

21. Maxfiy.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklatilsin.


O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev