Finlandiya majburiy fanlardan xalos bo‘lgan birinchi mamlakat bo‘ladi (2-qism)


Finlandiya ushbu yangi yondashuvni qanday amalga oshiradi?

Finlandiya juda yuqori ko‘rsatkichli savodxonlik darajasi va tartibliligi bilan ta’lim sohasidagi yetakchi davlatlardan biri sifatida tanilgan. Darhaqiqat, maktab islohotlari va ta’lim bo‘yicha dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri, Garvard universiteti professori Pasi Salberg Finlandiyaning ta’lim tizimi haqida ko‘plab maqolalar yozgan. Salberg Finlandiya ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘z tajribasini butun dunyo bilan baham ko‘rish uchun qattiq ter to‘kkan va bu bejizga emas edi.

Finlandiya har doim ham ta’lim sohasida aqlbovar qilmas statistik ko’rsatkichlarga ega davlat bo‘lmagan. Ammo mamlakat bilim berish va izlanishni doim yuqori darajada qadrlagan va shu tariqa, ta’lim sohasida sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Finlandiya o‘z ta’lim tizimini baholash uchun o‘quvchilarning imtihon natijalaridan foydalanmaydi. O‘qituvchilar reyting ko‘rsatkichlari haqida emas, balki o‘quvchilar hayotda zarur bo‘lgan ko‘nikma va bilimlarni berishga e’tibor qaratishadi.

Finlandiya ta’lim tizimi markazlashtirilmagan bo‘lib, o‘qituvchilarga dars rejalarini o‘zgartirish va o‘qitish jarayonini ehtiyoj va imtiyozlarga muvofiq tashkil etish imkonini beradi. Bu ko‘plab davlatlar, jumladan, Shimoliy Amerika davlat ta’lim tizimi tomonidan qabul qilingan markazlashtirilgan yondashuvdan keskin farq qiladi.

Finlandiyaning ta’limga bo‘lgan yondashuvi boshqalardan ko‘ra ancha ilgarilab ketgan. Bu o‘zgarishlarda ko‘plab o‘qituvchilar o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Misol uchun, Xelsinki o‘qituvchilarining 70 foizi ta’lim tizimini hodisaga asoslangan ta’limga yo‘naltirishda turli xil ko‘rinishda ishtirok etmoqdalar.

Ba’zi o‘qituvchilar allaqachon o‘z sinfxonalarida hodisalarga asoslangan ta’lim tizimidan foydalangan holda dars berishni boshlab yuborganlar. Buning ajablanarli yeri yo‘q. Chunki o‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan ko‘proq muloqot qilish, shunga ko‘ra o‘rganuvchilar o‘zlari qiziqqan narsani o‘rgatish maroqliroq hisoblanadi.

Finlandiya tizimni bosqichma-bosqich o‘zgartirishni rejalashtirmoqda, shuning uchun 2020-yilga kelib hali hamma maktablar ham hodisalarga asoslangan ta’limga o‘tmagan bo‘ladi. Dastlabki muhim o‘zgarish 2016-yil avgust oyida Finlandiya milliy o‘quv dasturi (NCF) doirasida yuz bergandi. NCF — bu ta’lim tizimining umumiy maqsadlarini, jumladan, o‘qitish usullari va uslublari, ko’rsatmalar, baholar, yordam xizmatlari va boshqalarni o‘z ichiga oluvchi muhim hujjat hisoblanadi.

Hozirgi kunda NCF hodisalarga asoslangan ta’limni ham o‘z ichiga oladi va ta’limdagi fanlararo aloqaga asoslangan yondashuvni ma’qullaydi. Biroq, bu uslub finlar uchun mutlaqo yangilik emas. Sababi, ba’zi o‘qituvchilar allaqachon mustaqil ravishda yaxlit o‘qitish uslubini qo‘llashni boshlashgandi.

Avgust oyidan boshlab 7–16 yoshdagi o‘quvchilari bo‘lgan umumta’lim maktablaridan hodisaga asoslangan ta’limga o‘tish uchun maktab tomonidan belgilanuvchi qat’iy o‘qish davomiyligini o‘rnatish so‘raladi. Ushbu yondashuvdan foydalanuvchi qator maktablarda ikki yoki undan ko‘p choraklar mavjud bo‘lib, ularning har biri bir necha haftadan iborat bo‘ladi.

Bu nima uchun muhim?

Ko‘pgina bolalar “namunadagidek" oilaviy hayotga ega emasliklari sababli ular voqealarni uydan tashqarida yoki shaxsiy tajribalari asosida yolg‘iz o‘rganishadi. Shunday ekan, “bolalar maktabda amaliy bilimlarni egallashi shart emas" degan fikr noto‘g‘ri. Ta’lim tizimi kelajakda bizning bolalarimiz o‘rganishni istagan hamma narsani o‘zida aks ettirishi kerak. Xo‘sh, nega endi biz ularni shunchaki targ‘ibot bilan oziqlantirib, faqatgina bitta fikrlash usuli, his qilish va aqliy salohiyatni aniqlashning faqatgina bir yo‘li bor, deb o‘rgatishimiz kerak?

Aqliy salohiyatni aniqlashning yagona yo‘li yo‘q. Chunki hammamizning boshqalarga o‘xshamagan, farqli xususiyatlarimiz, sifatlarimiz, iqtidor va qiziqishlarimiz bor. Turli xillikning go‘zalligi ham ana shunda: bizning farqlarimiz bizning kuchli tomonlarimiz va biz bu farqlarni yo‘q qilishimiz va jamiyatga moslashishimiz emas, ularning ustida ishlab yanada rivojlantirishimiz, o‘ziga xosligimizni saqlab qolishimiz kerak. Davlat ta’lim tizimi buni hisobga olishi va o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilariga chin yurakdan ta’lim berishga harakat qilib, ularning barchalarini standart usulda o‘qitishdan chekinishlari kerak!

Yuqorida keltirilgan omillarga ko‘ra markazlashtirishdan voz kechish va hodisalarga asoslangan ta’limga o‘tish samaraliroqdir. Bu yanada hamjihat muhitni yaratib, o‘quvchilar va o‘qituvchilarga aloqa qilishning fanlarni alohida o‘qitish va ana’naviy ta’lim tizimi bera olmaydigan imkoniyatlarni beradi. Ehtimol, ushbu yangi ta’lim tizimi tufayli o‘qituvchilar o‘zlari o‘quvchilariga ko’p bilim berganliklari kabi ulardan ham o‘rganishlari mumkinligini anglab yetishar.

Manba: Khan Academy Oʻzbek