Farg‘onalik 72 yoshli abituriyent! U kim?


Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida Farg‘ona davlat universitetiga 72 yoshli onaxon hujjat topshirgani haqidagi xabar tarqaldi. Xo‘sh, bu xabar qanchalik asosli? Biz ta`lim muassasasi mutaxassislaridan bu haqda javob olib, ma’lumotga oydinlik kiritishga harakat qildik.

To‘g‘ri, 72 yoshli ayol hujjat topshirgani haqida xabar tarqaldi. Lekin asl holat bunday emas, – deydi ushbu universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi Ravshan Pirnazarov. – Aslida, 72 yoshli abiturient – Xoliqov Toshtemir Asqarovich 2019 yil 24 iyun kuni mazkur universitetning kunduzgi bo‘limida o‘qish uchun qabul komissiyasiga murojaat qilgan. Uning hujjatlari o‘rnatilgan tartib asosida qabul qilib olingan. Toshtemir aka 1947 yil 10 yanvarda tug‘ilgan. Quva tumanida istiqomat qiladi.

– “Quva don mahsulotlari" AJda 30 yil, savdoda 10 yil ishlaganman, jamoatchi muxbirlik qilganman, – deydi “Nuroniy abiturient". – Filologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Hozirda test imtihonlariga tayyorgarlik qilyapman.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunda va boshqa me’yoriy hujjatlarda oliy ta’lim uchun yosh bo‘yicha cheklov qo‘yilmagan.

FarDU da bu yil kunduzgi bo‘lim uchun 2256 nafar, magistraturaga 129 talaba qabul qilish rejalashtirilgan.

Manba: vodiy24.uz