Eng bilimli abituriyentlar qaysi OTMni tanlaydi?


Oliy ta'lim muassasasiga kirish ballarining qanchalik yuqori ekanligi unga hujjat topshirayotgan abituriyentlarning bilim darajasi, qaysi soha bo‘yicha raqobatning kuchli ekanligini ko‘rsatadi. Maʼrifat nashrida e'lon qilingan maqolada 2018 – 2019 o‘quv yili uchun qaysi OTMda ball ko‘rsatkichi qancha bo‘lganligini ko‘rsatuvchi maqola e'lon qilindi, deb yozadi Kun.uz.

Davlat test markazi ma'lumotlari asosida tayyorlangan maqolaga ko‘ra, respublika bo‘yicha davlat granti uchun eng yuqori o‘rtacha kirish ballari quyidagi oliy o‘quv yurtlarida qayd etilgan:

Toshkent davlat yuridik universiteti – 218.1;

Jahon iqtisodiyoti va diplomati universiteti – 188.4;

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 185.1;

Buxoro davlat tibbiyot instituti – 166.4;

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti – 163.6.

To‘lov-shartnoma asosida o‘qish uchun qayd etilgan eng yuqori o‘rtacha ballar:

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti – 164.1;

Toshkent davlat yuridik universiteti – 162.3;

Toshkent davlat stomatologiya instituti –160.0;

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 157.7;

Toshkent tibbiyot akademiyasi – 156.9.

Eng ko‘p qabul kvotasi ajratilgan oliy o‘quv yurtlari:

Davlat granti uchun:

Toshkent davlat texnika universiteti – 578ta;

Urganch davlat universiteti –567ta;

Qoraqalpoq davlat universiteti – 545ta;

Buxoro davlat universiteti– 539ta;

Samarqand davlat universiteti–513ta.

To‘lov-shartnoma uchun:

Samarqand davlat universiteti – 2163ta;

Buxoro davlat universiteti – 2105ta;

Urganch davlat universiteti –1905ta;

O‘zbekiston Milliy universiteti– 1904ta;

Farg‘ona davlat universiteti – 1889ta.

Avvalroq «Qaysi tuman abituriyentlari eng bilimli?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Maqolada keltirilgan Davlat test markazi ma'lumotlariga qaraganda, 2018 yilda respublikaning abituriyent eng ko‘p talabalikka tavsiya etilgan o‘n tuman/shaharlardan yettitasi Buxoro viloyati (Shofirkon, Vobkent, Peshko‘, Qorako‘l, G‘ijduvon, Qorovulbozor tumanlari va Buxoro shahri)ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, qolgani Navoiy viloyati (Zarafshon, Navoiy shaharlari, Qiziltepa tumani)da joylashgan.

Bu borada eng past ko‘rsatkichni esa Angor, Oltinko‘l, Sariosiyo, Arnasoy, Izboskan, Asaka, Andijon, Sherobod tumanlari va Qorasuv shahri ko‘rsatmoqda. Misol uchun, 4977 nafar sherobodlik yoshdan bor-yo‘g‘i 5,7 foizi testdan yetarlicha ballni to‘play olgan.