2019/2020-yilgi OTMlarga qabul yangiliklari jaydari tilda


2019/2020-o‘quv yilida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda bir qancha yangiliklar kiritildi.

Qarorga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yilida OTMlarga davlat buyurtmasi asosida:

a) bakalavriatga:

  • kunduzgi ta’lim shakliga – 80 430 nafar;
  • sirtqi ta’lim shakliga – 19 985 nafar;
  • kechki ta’lim shakliga – 1 985 nafar;

b) magistraturaga – 7 695 nafar odam o‘qishga qabul qilinadi.

Harbiy abituriyentlarning bahstalab imtiyozlari alohida kvota bilan almashdi (harbiylarni qabul qiladigan universitetlar ro‘yxati)

"Harbiylar"ga respublika OTMlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilishda alohida qabul kvotalari ajratilishi bu yildan boshlandi. Avvallari "harbiylar" umumiy qabul kvotasi doirasida o‘qishga qabul qilinar edi. Bu harbiy xizmatni o‘tash uchun ko‘proq fuqarolarni jalb qilish maqsadida joriy etilgan chora edi. Lekin bora-bora bu imtiyozlar boshqa fuqarolar, ayniqsa ayol-qizlar huquqiga daxl qilayotgani ayon bo‘ldi va jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.

Nogironlarga alohida kvota beriladi

Nogironlarga qo‘shimcha ikki foizli davlat granti ajratildi. Ularga kunduzgi, sirtqi yoki kechki ta’lim shakllaridan birida ta’lim olish huquqi beriladi.

Stipendiyali yoki stipendiyasiz "kontrakt" to‘lashni tanlash mumkin

To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha talabalarga o‘z xohishlariga ko‘ra kontrakt to‘lovini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi beriladi.

Besh yil ishlab qo‘ygan xodimlar tashkilotlarning tavsiyanomalari asosida test sinovlarisiz talabalikka qabul qilinadi

Bu amaliyot SSSRda ham bor edi. Vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib OTM ushbu tashkilotlar xodimlarini kontrakt asosida (faqatgina!) sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitishi mumkin.

O‘qishga kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish beruvchilarning tavsiyasi asosida suhbat natijalariga ko‘ra qabul qilinadi. O‘qish xodimlarning hisobidan bo‘ladi.

Magistraturada faqat turdosh yo‘nalish emas, istagan yo‘nalishda o‘qish mumkin

Endi magistraturaga faqat bakalavrda ham shu turdosh yo‘nalishda o‘qiganlar qabul qilinmaydi. Magistraturaga hujjat topshirishga oid cheklovlar bekor qilindi. Masalan, filolog bakalavrlar axborot texnologiyalari bo‘yicha magistraturaga topshirishi mumkin bo‘ldi. Alohida mutaxassisliklar va ularga muvofiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi.

Rektorlarga to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash huquqi berildi

  • Oliy ta’lim muassasalari rektorlariga chet el fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash huquqi berildi.
  • rektorlar tabaqalashtirilgan kontrakt qiymatining Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda mustaqil belgilaydi. Bunda OTMning salohiyati va hududiy joylashuvi, shuningdek, abituriyentlarning oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olinadi.
  • tabaqalashtirilgan kontrakt bo‘yicha qabul abituriyentlarning to‘plagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Manba: minbar.uz